Farg‘ona davlat universiteti akademik
litseyi tarixi
Ertangi kunimiz, hayotimiz farovonligi va mamlakatimiz taraqqiyoti, avvalo, bizning o‘rnimizga kelayotgan yosh avlodni har tomonlama yetuk, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va zamonaviy dunyoqarashga ega insonlar etib tarbiyalashimizga chambarchas bog‘liq. Zero, barkamol avlodni voyaga yetkazish azaldan insoniyat oldidagi eng ezgu va muhim maqsadlardan biri bo‘lib kelgan.
Bugungi ta’lim tizimida yoshlarning erkin fikrlashi, mustaqil qaror qabul qilishi, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki fikr erkinligi mavjud bo‘lgan jamiyatda tafakkur rivojlanadi, tafakkur rivojlangan jamiyat esa taraqqiyot sari dadil qadam tashlaydi. Jadid ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy ta’kidlaganidek: “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqalarga poymol bo‘lur”.
Yosh avlodga zamonaviy va dunyoviy bilim berib, ularni oliy ta’limga puxta tayyorlayotgan ta’lim maskanlaridan biri — Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyidir.
Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 31-avgustdagi “Oliy ta’lim muassasalari tasarrufidagi litsey va litsey-internatlar negizida akademik litseylar tashkil etish to‘g‘risida”gi 188-son qarori asosida tashkil etilgan. Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 26-sentabrdagi “Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun nomzodlarni maqsadli tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3290-son qaroriga asosan Farg‘ona davlat universiteti tasarrufiga berilgan.
Mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2018-yil fevral oyidagi 99-son buyrug‘iga asosan akademik litsey Ustavi tasdiqlangan va belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Bugungi kunda akademik litseyda o‘quvchilarning qiziqishi va qobiliyatidan kelib chiqib, bir qator muhim ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan bilim berish yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, aniq fanlar, tabiiy fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar hamda xorijiy filologiya yo‘nalishlari faoliyat olib bormoqda. Ushbu yo‘nalishlarda matematika, fizika, biologiya, kimyo, tarix, ona tili va adabiyoti hamda xorijiy tillar kabi fanlar chuqur o‘rgatiladi.
Ta’lim jarayonining samaradorligini ta’minlash maqsadida litseyda 3 ta kafedra hamda faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha 3 ta bo‘lim faoliyat yuritmoqda. Pedagoglar tomonidan o‘quvchilarning nafaqat fanlarni puxta o‘zlashtirishi, balki ularning mustaqil fikrlashi, ilmiy izlanishga bo‘lgan qiziqishi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Akademik litsey faoliyati ta’lim sifatini baholash va takomillashtirishga qaratilgan amaldagi me’yoriy-huquqiy talablar asosida tashkil etilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasiga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” PF–76-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustdagi “Oʻrta maxsus, kasbiy, oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 498-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizom hamda ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari asosida litseyda ta’lim va tarbiya jarayonining holati belgilangan tartibda baholangan.
Erishilayotgan natijalar ta’lim va tarbiya jarayonining izchil hamda samarali yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi. Bunday yutuqlarning zamirida, avvalo, fidoyi va tajribali pedagoglarning mashaqqatli mehnati, o‘quvchilarning intilishi, ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi hamda ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor mujassam.
Bugungi yoshlarimizning bilim olishga bo‘lgan qiziqishi, zamonaviy fan va texnologiyalarni egallashga intilishi quvonarli, albatta. Ularning fan olimpiadalari, turli tanlovlar va ilmiy loyihalarda erishayotgan natijalari litsey jamoasini yanada katta maqsadlar sari ruhlantirmoqda.
Kelgusida o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarini yanada oshirish, ularni xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, tanlovlar hamda ilmiy loyihalarga keng jalb etish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni izchil davom ettirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Zero, bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri — yosh avlod qalbida milliy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik va uning ravnaqiga munosib hissa qo‘shish tuyg‘ularini shakllantirishdir. Zamonaviy bilim va yuksak ma’naviyatni o‘zida mujassam etgan, mustaqil fikrlaydigan va Vataniga sadoqatli yoshlar — mamlakatimizning porloq kelajagini bunyod etadigan avloddir.
Shunday ekan, Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi jamoasi oldida ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli ta’lim va munosib tarbiya berish, ilm-fanga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda ularni yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashdek sharafli va mas’uliyatli vazifa turibdi.
|
Ta’lim muassasasining to‘liq nomi |
Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi |
|
Tashkil topgan yili (nomi, qayta nomlanganligi) |
2006-yil 31-avgustda Farg‘ona davlat universiteti qoshidagi 3-sonli akademik litseyi deb tashkil etilgan. 2017-yildan Farg‘ona davlat universiteti akademik litseyi deb yuritilmoqda. |
|
Web-sayt: |
|
|
Faks: |
(0 373) 243-58-06 |
|
Email: |
|
|
Joylashgan manzili: |
150100, Farg‘ona shahar, Quvasoy ko‘chasi 17-uy |
|
Akademik litsey direktori: |
Sharipov Hasanjon Abdumanopovich |
|
Davlat akkreditatsiyasi: |
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, 2021-yil 30-mart 13-sonli Davlat akkreditatsiyasi haqida Sertifikat (seriya AL № 3000013)
|
|
O‘quvchilar soni: |
2026-yili 1-may holatiga ko‘ra jami o‘quvchilar soni 603 nafarni tashkil etadi. |
|
Professor-o‘qituvchilar soni:
|
Umumiy soni-61 nafar, shundan asosiy shtatda 53 nafar, ichki o‘rindosh 3 nafar, tashqi o‘rindosh 5 nafar. O‘rtacha sifat ko‘rsatgichi bo‘yicha 5 nafar ilmiy darajali (Phd) o‘qituvchi, 26 nafar bosh o‘qituvchi, 14 nafar etakchi o‘qituvchi, 6 nafar katta o‘qituvchi, 2 nafar oliy ma’lumotli |
|
O‘qish muddati |
2 yil |